Click O‘zR IIV bilan hamkorlikda maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarimalarni to‘lash maqsadida ilova yaratdi

07.04.2023

Click O‘zR IIV bilan hamkorlikda jarimalarni onlayn to‘lash imkonini beruvchi “Click&IIV” ilovasini yaratdi. Endilikda jarimalarni davlat organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali to‘lash mumkin.

Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida, Click O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazi bilan hamkorlikda jarimalarni onlayn to‘lash, uchun mo‘ljallangan ilova yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi.

Mazkur ilova O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari, hamda qonun hujjatlariga muvofiq “E-maʼmuriy ish” tizimiga ulangan va maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, hamda tegishli jazo choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari xodimlarining planshetlarida o‘rnatilgan. ilovada nafaqat yangi, balki to‘lash muddati o‘tgan jarimalarni to‘lash va qarzdor tomondan yetkazilgan zararni qoplash uchun imkoniyat mavjud.

Ilova qanday ishlaydi?

Click bilan hamkorlikda ishlangan yangi ilovada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining xodimlari o‘zlarining xizmat uskunalari (planshetlari) yordamida maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarimalarni to‘lashda yordam berishlari mumkin.

Buning uchun IIV xodimi “Click&IIV” ilovasida invoys (to‘lov) raqamini kiritish lozim, so‘ng planshetda invoysning barcha tafsilotlari aks ettiriladi.

To‘lovchi maʼlumotlar to‘g‘ri kiritilganini tekshiradi, so‘ng o‘ziga qulay to‘lov usulini tanlaydi.

Birinchi to‘lov usuli – Click akkaunti bog‘langan telefon raqamiga hisob chiqarish. Hisob chiqarilgandan keyin foydalanuvchi jarimani bir “click”da quyidagi interfeyslarda to‘lashi mumkin: Click Up ilovasida, @clickuz Telegram-botida, internet ulanishi bo‘lmagan hollarda USSD-kod orqali.

Ikkinchi to‘lov usuli – Click Up ilovasida QR-kodni skanerlash. Ichki ishlar organi xodimi planshetida invoys tafsilotlari ko‘rsatilgan QR-kod generatsiya qilingandan so‘ng, to‘lovchi mazkur QR-kodni Click Up ilovasida skanerlashi va to‘lovni bir “click”da amalga oshirishi mumkin.

Uchinchi to‘lov usuli – karta raqamini kiritish orqali to‘lash. Agar Click Up ilovasini o‘rnatishga ulgurmagan bo‘lsangiz, jarimani IIV xodimi planshetida plastik karta raqami va uning amal qilish muddatini kiritgan holda to‘lashingiz mumkin. Karta maʼlumotlari kiritilganidan so‘ng, foydalanuvchi maʼlumotlar to‘g‘riligini tekshirishi mumkin. Plastik karta ulangan telefon raqamiga tekshiruv SMS-kodi yuboriladi. To‘lovchi harakatlarini tasdiqlash uchun mazkur kod “Click&IIV” ilovasida kiritilishi lozim.