Huquqbuzarlik sodir etgan shaxs yetkazilgan zararni qoplab, jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

05.10.2021

 

Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritish haqida Qonun (OʼRQ–720, 04.10.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi 

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga yarashilganlik munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish instituti kiritildi.

Unga koʼra, Kodeksning bir qator moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u oʼz aybiga iqror boʼlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʼgʼrisidagi ishni koʼrib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish toʼgʼrisida qaror chiqaradi va maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini sudga yuboradi.

Jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv toʼgʼrisidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan koʼrib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin.

Аgar ish boʼyicha bir necha jabrlanuvchi boʼlsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv toʼgʼrisidagi ishni yuritish mumkin.

Yarashuv toʼgʼrisidagi ishlar boʼyicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan eʼtiboran 3 kundan kechiktirmay oʼtkaziladi.

Huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.