Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasida o'quv-seminar mashg'ulotlari tashkil etildi

20.08.2021

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yana takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-5050-son Qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 sentyabrga qadar profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi ma'muriy huquqbuzarliklar bo'yicha ish yurituvini to'liq elektron shaklga o'tkazish va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida «masofaviy» tarzda qatnashish amaliyotini joriy etish vazifasi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasida joriy yilning 19-20 avgust kunlari o'quv-seminar mashg'ulotlari tashkil etildi.

O'quv-seminar mashg'ulotlariga ma'muriy amaliyot yo'nalishida xizmat qilayotgan Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIB HPB xodimlari jalb qilindi.

Seminar mashg'ulotlari jarayonida mazkur sohada qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Ichki ishlar vazirligining buyruqlarining mazmun-mohiyati xodimlarga tushuntirildi.

Shuningdek, sud majlislarini «onlayn» tarzda o'tkazilishi hamda planshet qurilmalari orqali elektron ma'muriy bayonnoma va elektron qaror rasmiylashtirish bo'yicha Toshkent shahar tajribasini o'rgatish maqsadida Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkil etildi.

 

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi