“Jarima maydonchasi” axborot tizimi ishlab chiqiladi

18.08.2023

Hukumat qarori (358–son, 11.08.2023 y.) ayrim normativ huquqiy hujjatlarga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi

Shunga koʼra, 2024 yil 1 yanvardan:

qonun hujjatlari buzilganligi uchun vakolatli davlat organlari tomonidan ushlangan transport vositalarini saqlash xizmatlarini koʼrsatuvchi yuridik shaxslar Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʼl harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ochiq tanlov asosida tanlab olinadi;

ushlangan transportlarni toʼxtash joylariga olib kelish, joylashtirish, saqlash, hisobini yuritish va olib chiqib ketishga ruxsat berish “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;

transportlarni toʼxtash joylariga olib kelish (tashish) hamda saqlash boʼyicha koʼrsatiladigan xizmatlar uchun toʼlovlarning cheklangan miqdorlari joylardagi hokimliklar tomonidan belgilanadi.

“Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali, jumladan:

ushlangan, toʼxtash joylariga joylashtirilgan va olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar roʼyxati yuritiladi;

transportlarni toʼxtash joylaridan olib chiqish uchun barcha toʼlovlar (jarima maydonchasi va huquqbuzarlik uchun jarimalar) elektron amalga oshiriladi.

Mazkur axborot tizimi 2023 yil 1 noyabrgacha ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 dekabrgacha YHXXning yagona axborot tizimi ushlangan transportlarni saqlash xizmatlarini koʼrsatuvchi yuridik shaxslarni ochiq tanlov asosida elektron tanlab olish imkoniyatini yaratish maqsadida takomillashtiriladi.

Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʼtgach kuchga kiradi.