Pedagoglar faoliyatiga noqonuniy aralashgan mansabdor shaxslar maʼmuriy qamoqqa olinishi mumkin

01.04.2023

Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Prezident tomonidan imzolangan Qonunga (OʼRQ–826, 27.03.2023 y.) asosan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodekslarga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritildi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan koʼshimchaga koʼra:

Mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash taʼlim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʼllanilishiga sabab boʼladi:

-   BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha (45 mln soʼmdan 60 mln soʼmgacha) miqdorda jarima;

-   3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

-   3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga koʼra, mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln soʼmdan 30 mln soʼmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

Endilikda mazkur Kodeksga kiritilgan oʼzgartish va qoʼshimchaga koʼra, xuddi shunday huquqbuzarlik taʼlim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (30 mln soʼmdan 45 mln soʼmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

Ilgari bunday norma mavjud emas edi.

Shuningdek, pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilarning bilimini toʼgʼri va xolis baholashiga taʼsir koʼrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilish:

-   fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari 5 baravardan 7 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

Bundan tashqari, xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilsa:

-   fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (ilgari 7 baravardan 10 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 10 baravardan 15 baravargacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga (ilgari ushbu jazo chorasi qoʼllanilmagan) sabab boʼladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.