Shaxsga doir maʼlumotlarni muhofaza qilish boʼyicha talablarni buzganlik yuzasidan javobgarlik kuchaytirildi

01.11.2021

 

Qonun bilan, jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga oʼzgartirish kiritildi.

Unga koʼra, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan Internetda fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda Oʼzbekistonda joylashgan texnik vositalarda hamda shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼishga, tizimlashtirishga va saqlashga oid talablarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 7 baravari (1 mln 890 ming soʼm), mansabdor shaxslarga esa 50 baravari (13 mln 500 ming soʼm) miqdorida jarima solishga sabab boʼladi.

Qonun bilan shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʼzgartirishga koʼra, ushbu qilmish maʼmuriy jazo qoʼllanilgandan soʼng bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda quyidagi jazo choralaridan biri qoʼllaniladi:

- BHMning 150 baravarigacha (40 mln 500 ming soʼmgacha) miqdorda jarima;

- 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

- 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Ushbu oʼzgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 3 oy oʼtgach amalga kiritiladi.